Afg‘onistondagi NATO missiyasi tugagandan so‘ng Turkiya harbiy kuchlari Kobul aeroporti xavfsizligini ta’minlashda yetakchi rolni egallaydi. AQSh va Turkiya prezidentlari Jo Bayden va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on shunga kelishib oldi, deb yozadi “Interfaks”.

“Bayden va Erdo‘g‘on bunga erishish uchun birgalikda ishlashga kelishib oldi”, — dedi Baydenning Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan.

Avvalroq Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Akar AQSh askarlari Afg‘onistonni tark etganidan so‘ng Kobul aeroporti xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida Anqaraning taklifini e’lon qilgandi. O‘z navbatida, Afg‘onistondagi “Tolibon” harakati rahbariyati Anqaraning Kobul aeroportini qo‘riqlash haqidagi taklifiga qarshi chiqib, Turkiyadan NATOga a’zo boshqa mamlakatlar qatorida o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketishni talab qilgan.

 

“So‘nggi 20 yil ichida Turkiya NATO kuchlari tarkibida bo‘lib keldi, shuning uchun ular 2020-yil 29-fevralda AQSh bilan imzolagan kelishuvimizga muvofiq Afg‘onistondan chiqib ketishi kerak”, — dedi “Tolibon” vakili.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida AQSh prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlanganini e’lon qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar mintaqada ularning oldiga qo‘yilgan barcha maqsadlarga erishgan. Qurolli Kuchlarni 11-sentabrgacha to‘liq chiqarib ketish rejalashtirilgan. Amerika va NATO mamlakatlari qo‘shinlari 29-apreldan chiqib ketishni boshlagan.