Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Beldirsoy oromgohi” dam olish maskani dor yo‘li bilan birga sotilishi mumkin. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, agentlik “Malika” savdo majmuasi, “Sijjak”, “Beldirsoy” va boshqa bir necha yirik obyektlar sotuvga qo‘yilganini ma’lum qilgandi. Ularning uchtasi — “Ichan qal’a” mehmonxonasi, DXXning sobiq markaziy binosi, “Gazeta korpusi” o‘z egasini topdi. Spot’ning qayd etishicha, yana uchtasi (“Malika” savdo majmuasi, “Qizil suv” dam olish maskani va “Poytaxt” biznes markazi) bo‘yicha talabgorlar takliflarini ko‘rib chiqish davom etmoqda.
Toshkent viloyatidagi ikkita dam olish maskani — “Sijjak”va “Beldirsoy”ga esa hozircha xaridor yo‘q. Shu sababli ushbu obyektlar bo‘yicha talabgorlardan takliflarni qabul qilish muddati 15-iyulga qadar uzaytirildi. Bu takliflarni qabul qilish bo‘yicha muddatning ikkinchi marta uzaytirilishi. Bundan avval 1-iyulga qadar uzaytirilgandi.
Agentlikning bildirishicha, ayni paytda “Beldirsoy oromgohi” dam olish maskaniga tutash hududda joylashgan sport bazasi (kanat yo‘li)ni qo‘shib, butun majmua sifatida sotish masalasi o‘rganib chiqilmoqda.
“Sijjak” dam olish maskanida esa mehmonxona, bir nechta hovuz, amfiteatr, kottej va boshqa inshootlar mavjud. U 2017-yilga qadar O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan.