Afg‘oniston gumanitar falokatga yaqinlashmoqda, chunki mamlakatdagi ziddiyatning kuchayishi odamlarning aziyat chekishi va ko‘chib ketishi holatlarining ko‘payishiga olib keladi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi ogohlantirdi, deb yozmoqda
BMT qochqinlar ishi bo‘yicha komissiyasining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2021-yil yanvaridan buyon asosan xavfsizlik va zo‘ravonlik sabablari bilan 270 ming afg‘onistonlik mamlakat ichida boshqa manzilga ko‘chirilgan. Ichki ko‘chirilganlarning umumiy soni 3,5 milliondan oshgan.
“So‘nggi haftalarda uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan oilalar, ko‘chishning asosiy sababi sifatida xavfsizlik holatining yomonlashuvini ko‘rsatmoqda”, — dedi BMT qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissari.
Komissiyada ta’kidlanishicha, ko‘chirilgan odamlar nodavlat qurolli guruhlar tomonidan tovlamachilik holatlari va katta yo‘llarga qo‘lbola portlovchi moslamalar o‘rnatilgani to‘g‘risida xabar bergan.
BMTning Afg‘onistondagi yordam missiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilning birinchi choragida tinch aholi o‘rtasida qurbonlar soni 2020-yilga nisbatan 29 foizga oshgan. Ular orasida ayollar va bolalar ulushi tobora ko‘payib bormoqda.
“Uzoq davom etgan mojarolar, ko‘plab ko‘chishlar, COVID-19 pandemiyasi, takrorlanadigan tabiiy ofatlar, shu jumladan, qurg‘oqchilik va qashshoqlikning chuqurlashishi bilan afg‘on xalqining bardoshi o‘z chegarasiga yetib keldi. Afg‘onistonda tinchlik kelishuviga va hozirgi zo‘ravonlikni to‘xtatishga erishilmas ekan, aholining mamlakat ichkarisida, shuningdek, qo‘shni davlatlar va undan ham uzoqqa ko‘chishi tobora ko‘proq davom etadi”, — deyiladi xabarda.
5-iyul kuni Yevropa Ittifoqi ochlikka qarshi kurash uchun Afg‘onistonga 25 million yevrolik shoshilinch gumanitar yordam ajratishini e’lon qilgandi. Prognozlarga ko‘ra, 2021-yilda Afg‘oniston aholisining yarmi oziq-ovqat va suvning keskin tanqisligidan aziyat chekadi. Qurg‘oqchilik natijasida kamida 11 million kishi oziq-ovqat inqiroziga uchragan va 3,2 million kishi oziq-ovqat bilan bog‘liq favqulodda vaziyatda.
Yangi mablag‘ Yevroittifoq tomonidan Afg‘onistonga insonparvarlik yordami sifatida 2021-yil uchun ajratilgan 32 million yevroga qo‘shimcha bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 11-iyun kuni O‘zbekiston Afg‘onistonga 1000 dona kislorod ballonlaridan iborat gumanitar yordamni topshirgan edi.