Britaniyalik milliarder, Virgin Galactic kompaniyasi asoschisi Richard Brenson 11-iyul kuni VSS Unity suborbital raketoplanida koinotga muvaffaqiyatli parvozni amalga oshirib, kosmik turizm davrini boshlab berdi, deb yozadi “. Parvoz to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatildi.

Unity 22 (kema sinov parvozining tartib raqami) missiyasida 70 yoshli tadbirkor bilan birgalikda ikki uchuvchi — Deyv Makkey va Maykl Masuchchi, shuningdek, Virgin Galactic bosh astronavt instruktori Bet Mozes, katta operatsiya muhandisi Kolin Bennett va hukumat bilan aloqalar bo‘yicha vitse-prezident Sirisha Bandla qatnashdi.

Richard Brensonning onasi Yeva (yanvar oyida 96 yoshida koronavirusdan vafot etgandi) sharafiga nomlangan Virgin Mothership Eve eltuvchi samolyoti mahalliy vaqt bilan 11-iyul kuni ertalab AQShning Nyu-Meksiko shtatidagi “Amerika” kosmoportidan uchib ketdi. 45 daqiqa davom etgan parvozdan keyin samolyot 15 km balandlikka ko‘tarilgach, VSS Unity undan ajralib chiqdi va 60 soniya ichida 88 km balandlikka ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ldi.

Kema yo‘lovchilari vaznsizlik holatida bo‘lgan bir necha daqiqa o‘tganidan keyin kema planer rejimida pastlay boshladi. Qo‘nish bir necha daqiqa vaqt oldi, butun parvozga — uchib ketishdan qo‘nishgacha — bir daqiqa kam bir soat sarflandi.

Bu to‘liq tarkibdagi ekipaj bilan birinchi sinov parvozi bo‘ldi. The Guardian yozishicha, 2022-yilda tijoriy parvozlarni yo‘lga qo‘yguniga qadar kompaniya yana ikkita sinov parvozini amalga oshiradi. Virgin Galactic ma’lumotlariga ko‘ra, koinot chegarasiga (NASA’ga muvofiq, bu dengiz sathidan 80 km balandlik, ammo xalqaro tan olingan chegara 100 kilometrga teng) uchish istagidagi odamlar soni allaqachon 600 kishiga yetgan, ularning barchasi parvoz uchun 250 ming dollardan to‘lashga tayyor.

“Tepadan turib Yerga qaraganda nimalarni his qilganimni oddiy so‘zlar bilan ta’riflab bera olmayman, bu go‘zallikni ta’riflab bo‘lmaydi”, — dedi Richard Brenson Yerga qo‘nganidan keyin. “Agar qachonlardir orzu qilgan bo‘lsangiz, uni amalga oshirishning vaqti keldi. Yangi kosmik davr ibtidosiga xush kelibsiz”, — dedi u.

Richard Brenson Virgin Galactic’ga 2004-yilda asos solgan. U koinotga sayyohlik parvozlarini ishga tushirmoqchi bo‘lgan boshqa bir milliarder — Amazon internet-giganti va Blue Origin aerokosmik kompaniyasi asoschisi Jeff Bezosni to‘qqiz kunga ortda qoldirdi.

 

20-iyul — amerikalik astronavtlar Oyga qo‘ngan kun — Jeff Bezos ukasi Mark va yana ikki yo‘lovchi (ulardan biri — 82 yoshli uchuvchi ayol Uolli Fank) bilan ko‘p martalik suborbital raketa — New Shepard’da taxminan 105 km balandlikka uchishi kerak. Kema koinotga ko‘tarilgan birinchi amerikalik astronavt Alan Shepard sharafiga nomlangan.

Ilon Mask tomonidan asos solingan SpaceX kompaniyasi esa to‘rt kishilik ekipajdan tarkib topgan to‘liq oddiy odamlardan iborat birinchi missiya — Inspiration4’ni Crew Dragon ko‘p martalik kemasida sentabrda uchirishni rejalashtirmoqda. Brenson va Bezosning missiyalaridan farqli ravishda, bu orbital parvoz bo‘ladi va uch kun davom etadi.