Janubiy Afrika Respublikasi(JAR)da sobiq prezident Yakob Zumaning qamoqqa hukm qilinishi norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Bu haqda Deutsche Welle nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, JARning bir nechta shaharlarida: Yoxannesburg, KvaZulu-Natal va Gautengda tartibsizliklar boshlandi. Yoxannesburgdagi asosiy avtomagistralda namoyishchilarning 300 ga yaqini to‘siq o‘rnatdi, tartibsizliklarda hammasi bo‘lib 800 ga yaqin odam ishtirok etdi. Politsiya xodimlaridan biri o‘qqa tutildi, ikki nafari yaralandi.

Politsiya general-mayori Matapelo Petersning so‘zlariga ko‘ra, sobiq prezidentni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘chaga chiqqanlarning 60 nafardan ortig‘i hibsga olingan.

Nashr xabariga ko‘ra, namoyish chog‘ida do‘konlar talon-toroj qilinib, namoyishchilar shahar bo‘ylab yo‘llarni to‘sib qo‘ygan. So‘nggi ikki kun ichida politsiya Kvazulu-Natalda 37 kishini va Yoxannesburgda 25 kishini hibsga olgan.

“Namoyishchilar tayoq, golf tayoqchalari va novdalar bilan qurollangan. Ular Yoxannesburgning markaziy biznes tumani bo‘ylab harakatlanmoqda”, — deyiladi xabarda.

2021-yilning fevral oyida 78 yoshli Jeykob Zuma Janubiy Afrika Oliy sudiga korrupsiya ishi bo‘yicha dalillarni taqdim etishi kerak edi, ammo u sudga kelmagan, bu esa tergov komissiyasining g‘azabiga sabab bo‘lgan. Nashrning yozishicha, 29-iyun kuni Yoxannesburg Konstitutsiyaviy sudi Zumani sudga kelmaganlikda aybdor deb topdi va 15 oylik qamoq jazosiga hukm qildi.