Dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 179 171 152 kishiga yetdi, shularning 3 882 709 nafari vafot etgan. Kasallanish holatlarining ko‘pligi bo‘yicha AQSh (33,5 million kishi), Hindiston (30 million), Braziliya (18 million), Fransiya (5,8 million) va Turkiya (5,3 million) yetakchilik qilmoqda.

Merkel AstraZeneca o‘rniga Moderna vaksinasining ikkinchi dozasi bilan emlandi

Germaniya kansleri Angela Merkel koronavirusga qarshi vaksinaning ikkinchi dozasini oldi, ammo Moderna kompaniyasi vaksinasi bilan emlandi, birinchi ukol uchun esa unga AstraZeneca vaksinasi qo‘llanilgan edi.

Vaksinaning birinchi dozasini Merkel 16-apreldayoq olgan edi. Ikkinchi doza uchun boshqa vaksinadan foydalanish qarori Robert Kox nomidagi virusologiya institutining vaksinatsiya bo‘yicha doimiy qo‘mitasi AstraZeneca vaksinasini 60 yoshdan oshganlar uchun tavsiya etmagani bilan bog‘liq, birinchi dozani olishga ulgurganlarga esa, Moderna vaksinasiga o‘tishni maslahat berishdi.

 

Shuningdek, avvalroq o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, AstraZeneca vaksinasining boshqa vaksinalar bilan aralashtirilishi, bitta kompaniya dorisi bilan ikkita dozada emlanishdan ko‘ra samaraliroq bo‘lishi mumkin.

Germaniyada 67 million doza vaksina qo‘llanilgan, aholining 42,5 millioni kamida bir dozada emlangan.


Portugaliya pandemiyaning to‘rtinchi to‘lqinidan xavfsiramoqda

“Delta” shtammi tufayli, Portugaliyada koronavirus pandemiyasining to‘rtinchi to‘lqini yuz berishidan xavotir olishmoqda, so‘nggi kunlarda COVID-19’ga chalinish bo‘yicha yangi holatlarning 60 foizini aynan shu shtamm tashkil qilmoqda.

Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga qaraganda, Lissabon va uning atroflarida “delta” shtammi ustunlik qilmoqda, ammo uning boshqa hududlarga tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun hukumat harakat qilmoqda. Xususan, o‘tgan dam olish kunlari Lissabon kirib-chiquvchilar uchun to‘liq yopib qo‘yildi.

Lissabon Portugaliyada ba’zi cheklov choralari haligacha amal qilib kelayotgan yagona shahar bo‘lib qolmoqda.

Ayni paytda Portugaliyaning 10 million aholisidan yarmi kamida bitta dozada, chorak qismi esa to‘liq emlangan.

Gruziyada og‘ir epidemiologik vaziyatga qaramasdan, komendantlik soati bekor qilindi

1-iyuldan butun Gruziya hududida 23:00 dan 5:00 gacha amal qilib kelayotgan komendantlik soati bekor qilinadi. 23-iyundan esa barcha fuqarolar uchun ochiq joylarda, xususan, bog‘ va ko‘chalarda niqob taqish majburiyati bekor qilindi. Binolarda va transportda, shuningdek, odamlar ko‘p to‘planadigan joylarda haliyam niqob taqishga to‘g‘ri keladi. Restoran va kafelar endi 21:00 emas, yarim tungacha ishlashi mumkin bo‘ladi.

Koordinatsiya kengashining ushbu qarori mutaxassislarning tanqidiga uchradi, chunki Gruziya so‘nggi bir necha oy ichida koronavirus tarqalishi va aholi soniga nisbatan o‘lim darajasi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinlardan biriga ko‘tarilgan edi. Bundan tashqari, yaqinda Tbilisida “delta” shtamm aniqlangandi.

Gruziyaning 3,7 millionlik aholisidan 360,4 mingi koronavirusga chalingan, bu aholining 10 foizi demakdir. Ammo fuqarolarning 4 foizigina kamida bitta dozada vaksina olgan.

BAAda sayyohlarga bepul emlanish taklif qilinmoqda

Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabida sayyohlarga koronavirusga qarshi bepul emlanish taklif qilinmoqda. Bungacha faqat mamlakat fuqarolari va istiqomat uchun guvohnomaga ega bo‘lgan shaxslargina emlanayotgan edi.

Abu-Dabi tomonidan viza berilgan hamda sayyohlik vizasi huquqini beruvchi pasport egalari mamlakatga poytaxt orqali kirib kelishda bepul COVID-vaksinalarni bron qilib qo‘yishi mumkin.

Ta’kidlash joiz, mamlakatda aholining 85 foizi kamida bitta dozada vaksina olishga ulgurgan.