Rossiya poytaxti Moskva meri Sergey Sobyanin 15 iyundan 19 iyunga qadar dam olish kuni deb e’lon qildi. Shu muddat davomida shaharda qat’iy karantin cheklovlari kuchda bo‘ladi. Bunday choralar shaharda koronavirusga chalinish holatlari ortib borayotgani sabab joriy qilindi.

Shu tariqa Moskvada dam olish kunlari 20 iyungacha davom etadiyu. Sobyanin shuningdek, ish beruvchilarga kamida 30 foiz xodimlarini masofadan ishlashini ta’minlashini tavsiya qilgan.

13 iyundan boshlab:

  • hayvonot bog‘lari, fudkortlar va bolalar o‘yingohlariga tashrif buyurish;
  • umumiy ovqatlanish ob’ektlari (restoranlar, kafelar, barlar), shuningdek tungi klublar, karaoke va boshqa ko‘ngilochar maskanlarning soat 23:00 dan 6:00 ga qadar tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatishi (yetkazib berish xizmati bundan mustasno);
  • yirik istirohat bog‘lari va tabiiy hududlarda attraksionlar, bolalar va sport maydonchalari, ijara punktlari, shiypon hamda boshqa dam olish va ko‘ngilochar maskanlar faoliyati to‘xtatiladi.

Bundan tashqari, 13 iyundan boshlab Moskva shahridagi ish beruvchilarga quyidagilar tavsiya etiladi:

  • xodimlarning kamida 30 foizi, shuningdek 65 yoshdan oshgan va surunkali kasalliklari bo‘lgan barcha xodimlarni masofaviy ishlash tizimiga o‘tkazish (emlanganlar bundan mustasno);
  • xodimlarning ishga kelishini minimallashtirish;
  • vaksina olishni rag‘batlantirish choralarini ko‘rish.

65 yoshdan katta moskvaliklarga sayohatga chiqishdan tiyilish, uy yoki dala hovlida qolish tavsiya qilingan. Moskvaning barcha aholisidan transport, jamoat joylari va korxonalarda sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya qilishlari talab etilmoqda.

Sergey Sobyaninning may oyida kutilgan mavsumiy epidemiologik beqarorlik iyun oyida kuzatilayotganini va o‘tgan hafta davomida shahardagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat keskin murakkablashganini ta’kidladi.. Moskvada dekabr oyi oxiridan beri ilk bor 6,7 ming yangi koronavirusga chalinish holati qayd etilgan.

“Uzoq muddatli dam olish kunlari kasallanganlar soni ortishi holati bilan kurashish uchun yordam beradi, buning uchun esa har birimiz maksimal darajada ehtiyotkor bo‘lishimiz kerak. Va, albatta, yanada faolroq emlanishimiz kerak. Biz haqiqiy ommaviy emlanishni ta’minlamagunimizcha, shaharda doimo kasallanish holatlari bo‘ladi”, degan Sobyanin.

Mer vaksinalash punktlari butun dam olish kunlari davomida ishlashini qo‘shimcha qilgan.