Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd kompaniyasi raisi Li Van Jun va professor Chen Fan Gu bilan muloqot o‘tkazdi, deya xabar bermoqda vazirlik.

Muloqot davomida Xitoy–O‘zbekiston hamkorligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining koronavirusning turli variantlarga qarshi himoyasi to‘g‘risida olingan ilmiy natijalar haqida so‘z bordi.

Tekshiruv natijalari haqida ikkita ilmiy maqola tayyorlangan bo‘lib, ular bilan quyidagi havolalar orqali tanishish mumkin: https://doi.org/10.1038/s41422... va https://doi.org/10.1101/2021.0...

 

Mazkur ikki tadqiqot ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi COVID-19 virusining ayni vaqtda dunyoda tarqalgan “afrikancha” (501Y.V2) va “britancha” (D614G) variantlaridan himoya qila olishini tasdiqlamoqda.

Muloqot davomida hozirda olimlar Hindistondan tarqalgan delta-variant ustida ham tadqiqotlar olib borayotganlari, bu haqda maqola hali chop etilmagani, ammo natijalar ijobiy bo‘layotgani haqida fikr almashilgan.

Laboratoriya tekshiruvlari vaksinatsiyalangan odam zardobi ham, hayvonlar zardobi ham delta variantga qarshi himoyalanganini namoyon etgan. Ayni paytda ma’lumotlar tasniflanmoqda va maqola yaqin kunlarda chop etilishi kutilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, hozirgacha Xitoyda 90 million aholi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlangan. Ularning aksariyati vaksinaning birinchi va ikkinchi dozalarini olgan. Shu paytgacha mazkur vaksina bilan emlanganlar orasida koronavirusga chalinganlar aniqlanmagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 24-iyun kuni koronavirusning “hindcha” shtammi aniqlandi. Nurmat Otabekov “dastlabki laboratoriya tekshiruv natijalari ushbu taxminni katta ehtimol bilan tasdiqlagani”ni ma’lum qildi.