Prezident Shavkat Mirziyoyev “Respublika oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilingan iqtidorli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi, deb xabar beradi O‘zA.

Qarorga ko‘ra, 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakliga kirish imtihonlarida (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan O‘zbekiston Prezidenti granti joriy qilindi.

Qarorga ko‘ra:

  • muayyan ta’lim sohasi uchun ajratilgan kvota bo‘yicha so‘nggi o‘rindagi abituriyent va u bilan bir xil ball to‘plagan barcha fuqarolar Prezident grantiga da’vogar bo‘ladi;
  • Prezident grantiga da’vogar bo‘lgan abituriyentlar davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi;
  • Prezident granti sovrindorlari birinchi kursda barcha fanlarni “a’lo” baholarga o‘qigan, ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida yutuqlarga erishgan mazkur grantga da’vogar talabalar orasidan tanlov asosida aniqlanadi;
  • o‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra g‘olib bo‘lgan talabalarga O‘zbekiston Prezidenti davlat stipendiyasi tayinlanadi va to‘lanadi;
  • o‘qish yakuniga qadar Prezident grantini uzluksiz olgan talabalar bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos va turdosh mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilinadi.

Bunda talabaga:

  • Prezident granti uchun belgilangan stipendiya ikkinchi kursning o‘quv yili boshidan oyma-oy to‘lanadi va shu munosabat bilan unga umumiy shartlarda belgilanadigan stipendiya tayinlanmaydi;
  • o‘quv semestri yakuniga ko‘ra kamida bitta fandan o‘zlashtirish ko‘rsatkichi “a’lo” baho bo‘lmaganda, Prezident granti sohiblariga kelgusi o‘quv semestri mobaynida umumiy tartibda belgilanadigan stipendiya tayinlanadi va to‘lanadi;
  • navbatdagi o‘quv semestri yakuniga ko‘ra barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a’lo” baho bo‘lganda, Prezident granti uchun belgilangan stipendiya qayta tayinlanadi va to‘lab boriladi;
  • o‘qish yakuniga qadar Prezident grantini uzluksiz olgan talabalar bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos va turdosh mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilinadi.

Avvalroq O‘zbekiston OTMlari uchun qabul kvotalar to‘liq tasdiqlangani, endi DTM saytida yo‘nalishlarni tanlash mumkinligi, 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab ta’lim krediti 7 yil muddatga 14 foiz stavka bilan berilishi, O‘zbekistonda nodavlat ta’lim tashkilotlari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi to‘g‘risida xabar berilgandi.