Rossiyaning koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha tezkor shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan kun davomida mamlakatda 672 kishi COVID-19 tufayli vafot etdi. Mamlakatda pandemiya boshidan buyon ketma-ket uchinchi kun COVID-19’dan kunlik o‘limlar soni antirekord o‘rnatmoqda.
Rossiyada koronavirus qurbonlarining umumiy soni 135 886 kishiga yetdi. O‘tgan sutkadan 1-iyul tonggiga qadar mamlakatda koronavirusga chalinish bo‘yicha 23 543 ta yangi holat aniqlandi. Infeksiya yuqtirganlarning umumiy soni 5 538 142 kishiga yetdi.
Kasallanish statistikasi bo‘yicha mintaqada Moskva (kuniga +7597 holat), Moskva viloyati (+2663) va Sankt-Peterburg (+1612) yetakchilik qilmoqda.
Mamlakatda jami 5 017 321 kishi kasallikdan sog‘ayib ketdi, shu jumladan, so‘nggi 24 soat ichida 16 928 bemor kasalxonalardan chiqarildi.
Moskvada 1-iyuldan koronavirusga qarshi qayta emlash boshlandi, deya ma’lum qildi shahar meri Sergey Sobyanin.
Qayd etilishicha, 5-iyulga qadar fuqarolar “Zdorovaya Moskva” (Moskva Sog‘liqni saqlash departamenti)ning 8 ta pavilyonidan birida koronavirusga qarshi ikkinchi marta emlanishi mumkin. 5-iyuldan boshlab esa shahar kasalxonalarining 12 tasida qayta emlanishga ro‘yxatdan o‘tish boshlanadi.
Qayta emlanish birinchi emlanishdan yoki COVID-19 bilan kasallangandan olti oy o‘tgach tavsiya etiladi. “Bundan tashqari, bu antitanalarning mavjudligi va darajasidan qat’i nazar amalga oshirilishi kerak”, — deyiladi xabarda.
Shahar merining ta’kidlashicha, Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan har qanday vaksina bilan ikkinchi marta emlanish mumkin. Shu bilan birga u hozirda qayta emlash uchun shaharda faqat “Sputnik V” va “Sputnik Layt” vaksinalari mavjudligini tan oldi.
“Iltimos, virusdan qo‘shimcha himoyalanish imkoniyatini unutmang. Ko‘plab odamlarda kasallikni yanada og‘irlashtirayotgan delta shtammning tarqalishi sharoitida bu juda muhimdir. Men o‘zim allaqachon ikkinchi marta emlanganman”, — deb yozadi Sobyanin.