Afg‘oniston shimolidagi vaziyat keskinlashib borayotgani sababli Mozori-Sharif shahridagi Rossiya bosh konsulxonasi o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili, Tashqi ishlar vazirligining ikkinchi Osiyo departamenti direktori Zamir Kabulov ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.

“Ko‘plab konsullik idoralar vaziyat aniq bo‘lgunga qadar o‘z ishlarini vaqtincha to‘xtatdi. Vaziyat o‘zgaruvchan. Xabarlarda aytilganidek, Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari juda ko‘p hududlarni qo‘ldan berdi. Tabiiyki, bu asabiylikni keltirib chiqaradi”, — deya izoh bergan u.

Kabulovning so‘zlariga ko‘ra Rossiya va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXShT) vaziyat yuzasidan tojik-afg‘on chegarasining xavfsizligini ta’minlash uchun Tojikistonga yordam berishda davom etadi.

 

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham Afg‘onistondagi vaziyat beqarorlashganini ta’kidlagan.  Uning aniqlik kiritishicha, mintaqaga Rossiya harbiylarini yuborish hali rejada yo‘q, ammo vaziyat yanada kuchayib ketsa, “kerakli qarorlar qabul qilinadi”.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, hozir Afg‘onistondagi vaziyat “afsuski, yaxshi tomonga rivojlanmayapti”. Uning ta’kidlashicha, AQSh harbiylari va ularning ittifoqchilari Afg‘onistondan chiqib ketga boshlagandan so‘ng, bu davlatdagi vaziyat “xavotirni kuchaytirmoqda”.

“Vaziyat rivojlanib borishi bilan bizning harbiylarimiz va chegarachilarimiz kerakli qarorlarni qabul qiladi. Biz diqqat bilan kuzatmoqdamiz va afsus bilan aytishimiz mumkinki, beqarorlik yuz bermoqda”, — degan Kreml vakili.

Rossiya Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegarasida o‘z harbiy kontingentini kengaytirishni rejalashtiryaptimi yoki yo‘qmi degan savolga Dmitriy Peskov aniq javob bermagan: “Sizga qo‘shimcha kontingent haqida ayta olmayman”.

Rossiya qo‘shinlarini Afg‘onistonga kiritish masalasi ko‘rib chiqilyaptimi, ushbu mavzu mahalliy hukumat bilan muhokama qilinyaptimi, degan savollarga Peskov “Yo‘q, bu borada hech qanday munozaralar yo‘q” deb javob bergan.

Afg‘onistondagi vaziyat AQSh va NATOning mamlakatda 2001-yildan beri bo‘lib turgan qo‘shinlarini olib ketish boshlangach keskinlashdi. Qurolli kuchlarni olib chiqish 1-maydan boshlandi, 2-iyulda Amerika harbiylari mamlakatdagi asosiy bazasi — Kobul yaqinidagi Bagram aviabazasini tark etgani ma’lum bo‘ldi.