O‘zbekistonda COVID-19 infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat murakkablashgani ortidan koronavirusga qarshi emlash jarayonlari 28-iyundan yangi bosqichga kirdi — Toshkent shahrida aholining 18 yoshdan katta bo‘lgan barcha qatlamini davlat budjeti hisobidan ixtiyoriy tarzda ommaviy emlashga ruxsat berildi (keyinroq, iyul oyidan, xuddi shunday tartib Toshkent va Samarqand viloyatlarida, shuningdek, imkoniyatdan kelib chiqib, boshqa hududlarda ham joriy etildi). Aynan 28-iyundan Toshkent bozorlari va yirik savdo majmualarida 46 ta qo‘shimcha emlash punktlari paydo bo‘ldi.
Ammo bu yangilik poytaxtda emlash sur’atlarini sezilarli oshirishga xizmat qilganicha yo‘q. To‘g‘ri, misol uchun, 21—25-iyun sanalaridagi emlash ko‘rsatkichi (1—4 ming atrofida) bilan taqqoslaganda, sur’at kamida ikki marotabaga o‘sgandek ko‘rinadi. Biroq Andijon va Farg‘ona kabi vodiy viloyatlarida bir kunda 20 ming atrofida vaksina qo‘llanilayotgani e’tiborga olinsa, har kuni 4 millionga yaqin aholi harakatlanadigan va boshqa hududlardan farqli ravishda, qo‘shimcha vaksinatsiya punktlariga ega poytaxt uchun bu o‘sish mutlaqo qoniqarsiz ekani oydinlashadi.
“Daryo” poytaxtning turli nuqtalaridagi qo‘shimcha emlash punktlarida bo‘lib, Toshkentda vaksinatsiya nima sababdan sust ketayotgani sabablarini o‘rganishga harakat qildi.
Soat 10:00 gacha ham ochilmagan emlash punkti
Chorsu, Eski Juva bozori. Bozor darvozalarida kelayotganlardan niqob taqish talab etilyapti, tana harorati o‘lchanib (pandemiya boshidagi kabi ma’suliyat va e’tibor bilan emas, albatta), qo‘llarga antiseptik vosita sepilyapti. Lekin bu choralar hammaga ham qo‘lllanilayotgani yo‘q — darvozadagi birgina mas’ul bozorga kirib-chiqib yurgan o‘nlab odamlarning qay biriga ulgurardi? Bozor ichidagi metro bekatidan chiqib kelayotganlarga “mazza” — ulardan hech kim niqob so‘ramaydi, qo‘liga spirt aralash suv ham sepmaydi.
Poliklinikalardan tashqaridagi qo‘shimcha vaksinatsiya punktlaridan biri aynan shu yerda, bozor ma’muriyati binosida joylashgan, ammo soat 08:00 dan o‘tgan bo‘lsa-da, hali shifokorlar yo‘q edi — ma’muriyatdagilarning aytishicha, emlash jarayoni har kuni 9:00—9:30 da boshlanadi (tong sahardan ish boshlaydigan bunday bozorda vaksinatsiya punkti soat nechadan ish boshlashi kerak o‘zi — bu ham javobi yo‘q qiziq savollardan biri).
Shifokorlarning yo‘qligi bir masala, boshqasi bir muhim masala — shu vaksinatsiya punktini topish. Bozorga kirishda ham, bozor ichida ham qaysidir do‘konda qandaydir chegirma yo xaridorgir bir narsa borligi haqidagi katta yozuvlarga ko‘zing tushadi, ammo biror joyda: “Mana bu yerda vaksina oling!” degan peshlavha yo‘q.
Biz ham darvozadagi “karantin-og‘a”dan so‘rab olmasak, shifokorlari yo‘q bu punktni qidirib ancha ovora bo‘lardik. Shifokorlarni quruq kutib vaqt o‘tkazganimiz yo‘q, chor-atrofdagilardan vaksinatsiya haqida so‘radik. Shu bozorda aravakashlik qiluvchi Ravshan Aliyev vaksinaning foydasi ko‘pchilikda sezilganidan keyin emlanmoqchi. “Bozorda vaksinatsiya punkti ochilganini bilaman, lekin hali o‘zim olmadim, jarayon haqida to‘liq ma’lumotga ega emasman. Vaksinaning foydasi bor deb eshityapmiz, yomon tomoni yo‘qdir”, — deydi u.
Ko‘p yillardan beri Chorsuda sotuvchilik qiladigan Naimaxon Vosiqova bozordagi emlash punktidan vaksina olgan tanishlarining ahvoli yaxshi ekanini aytdi. “Biroz shamollashim borligi uchun hali vaksina olmadim, ammo emlanish niyatim bor. Bozordagi punktdan sotuvchilar vaksina olyapti, ularning ahvoli yaxshi. Vaksina haqida televizordan bilyapman. Menimcha, vaksinaning yomon tomoni yo‘q. Baribir hamma koronavirusga qarshi emlanishi zarur, cho‘chish kerakmas”, — deydi Naimaxon opa. Aytishicha, uning turmush o‘rtog‘i hozirgacha o‘zbek-xitoy vaksinasining ikki dozasini olgan, nojo‘ya ta’sirlar sezilmagan.
Ayni vaqtda O‘zbekistonda eng qo‘llangan vaksina — ZF-UZ-VAC 2001 o‘zbek-xitoy vaksinasidir (vaksinatsiya jarayoni boshlanganidan beri Xitoydan O‘zbekistonga 6,5 million doza vaksina olib kelingan). Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 1-iyul holatiga O‘zbekistonda emlanganlarning 77 foiziga aynan shu vaksina qo‘llanilgan — Toshkent shahridagi qo‘shimcha emlash punktlarida ham aholiga aynan shu vaksina taklif qilinmoqda. Emlanganlarning 18 foiziga Hindistonda tayyorlangan AstraZeneca (Covieshield), 5 foiziga esa Rossiyada ishlab chiqarilgan “Sputnik-V” vaksinasi qilingan.
Bozorda e’tiborimizni tortgan bir jihatni qayd etib ketish, bizningcha, joiz. Balki bizga shunday ko‘ringandir, ammo guruhimizning aynan kamera va mikrofonli a’zolari bozorga kirib kelgach, atrofida ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari ko‘payib qoldi — o‘tgan-ketgandan niqob talab qilish boshlandi (biz bozorga fotosuratchimizdan avvalroq kelgandik, bozor ancha sokin edi). Birdan har tomondan karantin qoidalariga amal qilish lozimligi haqidagi da’vatlar yangray boshladi, ichki ishlar xodimlaridan biri esa qo‘lidagi ovozkuchaytirgich (karnay) bilan, bozorni aylanib, niqob taqish lozimligi haqida tinmay baqirib turdi.
Kamiga bir necha Milliy gvardiya xodimi, aftidan, karantin talablarini buzganlikda gumon qilingan bir fuqaroning qo‘llarini — muxbirlar ko‘z oldida — qayirib, qayergadir olib ketishdi.
Bu vaqtga kelib soat 10:00 ga yaqinlashib qolgan, ammo Eski Juvadagi emlash punkti shifokorlaridan hali ham darak yo‘q edi...
Facebook foydalanuvchisi German Stimbanning yozishicha, u 7-iyul kuni tushlik tanaffusidan foydalanib, qo‘shimcha vaksinatsiya punktlarining birida emlanib kelmoqchi bo‘lgan, biroq u borgan uchta — “Korzinka. Abay”dagi, Eski Juva (Chorsu) bozoridagi, Oloy dehqon bozoridagi shoxobchalar ishlamayotgan bo‘lgan. Chorsudagi punktni 20 daqiqacha izlagan — “katta va ko‘rinarli lavhalar yo‘q”, Oloydagi punktni esa to‘rtinchi urinishda, avtoturargoh xodimidan so‘rab topgan. “Oloydagi shoxobcha eshigiga ‘Koronavirusga qarshi vaksina’ degan lavha va qo‘l xati bilan vaksinatsiya 56-poliklinikada o‘tkazilayotgani hamda telefon raqami yozilgan qog‘oz bor edi. Qo‘shni xonadagilarning aytishicha, shifokorlar yakshanba kuni kelgan, o‘tirib-o‘tirib, keyin hamma poliklinikaga borsin deb ketgan. Shu bilan ‘vaksinatsiya punkti’ga boshqa qaytib kelmagan”, — deb yozadi Stimban.
“Ko‘pchilikda vaksina haqida tushuncha yo‘q”
Olmazor tumanidagi “Tansiqboyev” bozorida tashkil etilgan vaksinatsiya punktida sizni bozor muhiti tark etmaydi — emlash xonasining yarmi har turli mahsulotlar solingan qop va qutilarga to‘la. Qolgan yarmida, shundoqqina qoplar yonida joylashgan divanda shifokor xonim emlanish istagidagi fuqarolarni qabul qilmoqda. Bozorning emlanish istagida bo‘lmagan yoki allaqachon emlanib bo‘lgan xodimlari esa emin-erkin kirib-chiqib yuribdi, zarur bo‘lsa, birorta qopni ko‘tarib ham chiqib ketaveradi. Bu jarayonni esa qoplardan teparoqda, devorga osilgan davlat rahbarining portreti kuzatib turibdi...
Ochilganiga bir haftacha bo‘lgan ushbu shoxobchada besh kunda 194 kishi (asosan erkaklar, 25 yoshdan katta fuqarolar) emlangan. “Kuniga o‘rtacha 30—40 kishi vaksina olyapti”, — deydi punktdagi emlash jarayoniga jalb etilgan 65-sonli oilaviy poliklinika shifokori Iroda Karimova. Uning qo‘shimcha qilishicha, bozordagi sotuvchilarning deyarli bari o‘zbek-xitoy vaksinasining birinchi dozasini olib bo‘lgan.
Vaksina bilan emlashdan avval fuqaroning qon bosimi va pulsi tekshiriladi, avval qanday kasalliklarga chalingani so‘raladi. “Sog‘lom bo‘lsa, surunkali kasalliklari bo‘lmasa, vaksina qilinadi. Masalan, fuqaroning kuchli allergiyasi bo‘lsa, uni allergolog ko‘rigiga yuboramiz. Allergolog ruxsat bersa, fuqaro emlanadi”, — dedi shifokor. Iroda Karimovaning ta’kidlashicha, Toshkent shahrida doimiy yashamaydigan, nafaqat viloyatlardan, balki boshqa davlatlardan kelgan fuqarolar ham emlanishi mumkin — birinchi dozani qabul qilishi bilan ularga emlangani haqida hujjat beriladi.
“Emlanganlarga birinchi dozani olganini tasdiqlovchi hujjat topshiriladi, pasport ma’lumotlari esa ‘emlash.uz’ tizimiga kiritiladi. Unda fuqaroning emlangan sanasi, qanday vaksina olgani, vaksina raqami yoziladi. Fuqaro shu hujjatni ko‘rsatgan holda vaksinaning keyingi — ikkinchi-uchinchi dozalarini O‘zbekistonning istalgan hududida olishi mumkin. Biz emlash vaqtida fuqaroning yashash manzili va telefon raqamini yozib olamiz. Keyingi dozalarni olishidan bir necha kun avval fuqaroga eslatma sifatida SMS-xabar yuboriladi”, — deya tushuntirdi shifokor.
Ayni vaqtda, Iroda Karimovaning ta’kidlashicha, aksariyat fuqarolarda vaksina va vaksinatsiya jarayoni haqida umumiy tushuncha ham yo‘q, lekin asossiz vahima keragidan ortiq darajada. “Karantin qoidalarini buzayotganlarga chora ko‘rish ham, vaksinatsiya targ‘iboti ham yetarli darajada bo‘lmayapti, menimcha. Vaksinalarning salbiy ta’siri haqida tarqatilayotgan turli tekshirilmagan, vahimali ma’lumotlar, asosiz gap-so‘zlar odamlarni qo‘rqityapti. Vaksinatsiya jarayoni foydali ekanini aks ettiruvchi videoroliklarni ko‘paytirish, telekanallar orqali targ‘ib qilish kerak”, — deydi u.
Shu vaqt go‘yoki shifokorning yuqoridagi so‘zlarini tasdiqlamoqchi bo‘lgandek, bozor atrofidagi savdo komplekslarining birida tozalik xodimasi bo‘lib ishlovchi Nasiba Mo‘minova emlash punktiga kirib keldi. Aytishicha, u jamoat joyida ishlagani bois, o‘zi va atrofidagilarning xavfsizligi, salomatligini o‘ylab, vaksina olgan, ammo shundan keyin vahimaga tushib qolgan.