Ma’lumki, jamiyatda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish masalasi kun tartibiga chiqqan. Aynan shu maqsadda O‘zbekistonda ilk bor “Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda barqaror rivojlanish sari xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston ayollari o‘rtasida hamkorlik va ishbilarmonlikni o‘rnatish maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekistonda COVID-19 pandemiyasidan oldin o‘tkazilgan kichik sohaviy tadqiqotlar natijasida, qishloq joylardagi ayollar 60 foiz vaqtini uy ishlari bilan o‘tkazishi aniqlangan. Erkaklarda esa bu ko‘rsatkich 11,5 foizni tashkil qilgan. Uy ishlari bilan o‘ralashib qolgan ayollarga ham har tomonlama ko‘mak berish, o‘z biznes loyihalarini amalga oshirishlari va kelajakda oilasiga daromad olib keladigan tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari uchun imkoniyatlar yaratish kerak.
Mazkur xalqaro forumda O‘zbekiston Respublikasi Senati raisi Tanzila Norboyeva, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva hamda qo‘shni davlatlardan vakillar ishtirok etdi.
Tanzila Norboyeva xalqaro biznez forumni ochib berar ekan, ilg‘or texnologiyalarga asoslangan yangi ish o‘rinlarini yaratish va ayollarning jamiyatdagi o‘rni hamda gender tenglik masalalariga ham to‘xtaldi.
“So‘nggi 20 yil mobaynida Markaziy Osiyo davlatlarining parlamentlarida ayollar ulushi 2 barobarga oshirilgani katta yutuq. 10 yildan buyon mehnat faoliyatiga jalb etilgan xotin-qizlar ulushi o‘rtacha 65 foizni tashkil etmoqda. Bu esa ayollarsiz hech qanday iqtisodiyotni rivojlantirish mumkin emasligi haqidagi fikrimizning yorqin dalilidir.
O‘zbekistonda ham oxirgi yillarda xotin-qizlar huquq va erkinliklarini kengaytirish, ularni davlat va jamiyatimizning barcha sohasida faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Olib borilayotgan ishlar ham xalqaro miqyosda yuqori baholanmoqda.
Parlamentlararo ittifoq 190 ta mamlakatni o‘ziga jamlaydi. Ushbu ittifoqning e’tirof etishicha, hozirda xotin-qizlarning parlament va hukumat faoliyatidagi ishtiroki bo‘yicha O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoqga a’zo davlatlar qatorida 45-o‘rinni egalladi. Mamlakatimiz nafaqat mintaqada balki, qator rivojlangan mamlakatlar, AQSH, Germaniya, Avstraliya, Kanadadan ham yuqori pog‘onaga chiqib oldi”, deydi Tanzila Norboyeva.
Shundan so‘ng, Saida Mirziyoyeva bu kabi tadbirkor ayollarni olqishlab, ularning jamiyatda ham o‘z o‘rniga ega bo‘lishi muhim ekanligi, bu borada esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham gender tengligini barqarorlashtirish yo‘lida harakat qilayotganini ta’kidladi.
“Bizning mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev— ikki qizning otasi va to‘rt nafar qizaloqning bobosidir. Shu bois qizlar va ayollar qanday to‘siqlarga duch kelishi mumkinligini yaxshi tushunadi hamda ularning barcha intilishlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Davlat rahbari sifatida faoliyatining boshidanoq yurtimiz ayollarining iqtisodiy mustaqilligini, moliyaviy xavfsizligini ta’minlash va ularda ertangi kunga ishonch uyg‘otish yo‘lida gender tengligini ustuvor masalalardan biri deb hisoblaydi", dedi Mirziyoyeva.
Saida Mirziyoyeva respublika ayollari uchun teng mehnat sharoitini yaratish va qizlarning munosib ta’lim olish huquqlarini himoya qilishdek dolzarb muammolar hal yetilayotganini ham alohida ta’kidladi.